Ustoz
Orif Alimaxsumov
Ориф Алимахсумов
Biografiya
Oʼzbekiston xalq hofizi Orif Alimaxsumov 1927 yilda Toshkentda ziyoli oilasida tavallud topgan. U yoshligidan ashula aytishga, soz chalishga qiziqishi tufayli radio orqali yangrab turgan ashulalarni tezda yodlab olib aytib yurar edi. Uni sanʼatga boʼlgan isteʼdodini payqagan kasbdoshlari bayram, toʼy xashamlarga hizmatga chaqira boshlashdi.
14 yoshli Orif Alimaxsumovning yoqimli ovozi Oʼzbekiston xalq artisti Eshmat Xaydarovning eʼtiboriga tushdi va u yosh ashulachining ilk ustoziga aylandi. U baland va yoqimli ovoz egasi Orif Alimahsumovga Fargʼona–Toshkent maqomlaridan, Katta ashulalardan bir qanchasini oʼrgatdi.
Bundan tashqari Karim Zokirov, Turgʼun Karimov, Akbar qori ijro yoʼllarini maʼqul koʼrib, ular ijro etgan asarlarini aytib yurdi.
1954 yil estrada teatriga xonanda sifatida ishga kirdi. Bu yerda Orif Alimaxsumov mashxur sanʼatkor Muxammadjon Mirzaevdan sanʼat sirlarini oʼrgandi. Katta ustozlar bilan birgalikda 1955–1956 yillarda viloyatlar va qoʼshni Respublikalarda gastrol safarlarida ishtirok etdi. Shu yillari xalqning nazariga tushib, sevimli xonandasiga aylanib ulgurgan edi.
1957 yilda Yunus Rajabiy Orif Alimahsumovni radio qoshida yangi ochilgan maqom ansambliga ishga taklif etdi. Tez orada mohir xonanda zamondosh bastakorlarning yangi ashulalarini, katta ashulala va yallalarni, xususan avjlari bepoyon “Shashmaqom” “Fargʼona–Toshkent maqom” yoʼllarini ravon va erkin kuylashda yetakchilik qila boshladi. U maqom allomasi Yunus Rajabiy bilan oʼn toʼqqiz yil mobaynida ijodiy muloqotda boʼldi.
Orif Alimaxsumovning ovozi tik, yaʼni “Lirik tenor” boʼlib, egiluvchan, yumshoq va shu bilan birga shijoatli, jarangdor yuqori avjlarni toʼliq ijro eta olish qobiliyatiga ega boʼlganligi uchun maqomlarning avjlarini Oriqxoʼja Imomxoʼjaev bilan birgalikda koʼp hollarda yakka oʼzi ijro etib birinchi marta maqomning magnit tasmalariga tushirilishida fidokorona qatnashgan. Mazkur ansamblda koʼp yillar davomida ishlab, noyob mumtoz asarlarni radioning oltin xazinasiga muhrladi. Jumladan, “Shahnoz”, “Moʼgʼulchai Navo”, “Savti kalon”, “Girya”, “Figʼon”, “Sarparda”, “Chorgoh”, “Dugoh Husayniy” kabi maqomlarning benazir ijrolari bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi. Shuningdek, Orif Alimaxsumov Yunus Rajabiyning “Raʼnolanmasun”, Orifxon Xotamovning “Qaro boʼlibdur”, “Janon qiz”, Fahriddin Sodiqovning “Toʼy muborak”, “Gullar vodiysi”, “Yashil qishloq”, Muhammadjon Mirzaevning “Baxt” va boshqa bastakorlar asarlarini ham maromiga yetkazib ijro qildi.
1964 yilda Orif Alimaxsumovga “Oʼzbekistonda hizmat koʼrsatgan artist” va oʼzbek radiosi tashkil etilganining 50 yilligida “Oʼzbekiston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlandi.
1976 yilda Yunus Rajabiyning vafotidan soʼng, vasiyatga binoan Orif Alimaxsumov maqom ansambliga badiiy raxbar sifatida mumtoz musiqamizning rivoji yoʼlida koʼplab hayrli ishlarni amalga oshirdi.
1972 yili Toshkent Davlat Konservatoriyasida Sharq musiqasi boʼlimi ochildi. Bu yerda Oʼzbek mumtoz musiqachi sozandalari va maqom ijrochilarini tayyorlanadigan boʼldi. Orif Alimahsumov Konservatoriyada shogirdlar tarbiyalashga birinchilardan boʼlib, taklif etildi. Konservatoriyada dars berish mobaynida xalqimizga manzur boʼladigan koʼplab xonandalarni yetishtirib chiqardi. Shulardan, Oʼzbekiston xalq hofizi Mahmud Tojiboev, Oʼzbekistonda hizmat koʼrsatgan artistlar Rahmatjon Qurbonov, Xurriyat Qosimova (Isroilova), Mashrabjon Ermatov, Erkin Roʼzimatov kabi el sevgan xonandalar Orif Alimahsumov sinfida tahsil olganliklaridan fahrlanadilar.
Orif Alimaxsumov keksaygandan soʼng ham oʼn yildan ortiq oʼzi istiqomat qilayotgan Yakkasaroy mahallasining oqsoqoli sifatida faoliyat yuritdi. Oynai jahon orqali muntazam beriladigan “Otalar soʼzi–aqlning koʼzi” turkum koʼrsatuvlarini koʼp yillar mobaynida olib borish Orifhoji otaning ziyokorlik martabasini yanada oshirdi.